19-may kuni Yunusobod dehqon bozorida xizmat olib borayotgan PPX inspektori safdor Izzatbek Ibragimov shubhali tutgan fuqaroni to‘xtatib tekshirmoqchi bo‘lganida, u yonidagi o‘tkir tig‘li buyum bilan xodimning hayotiga suiqasd qilib, bo‘yin qismiga tan jarohati yetkazgan.
Jinoyatchi voqea joyidan yashirinish maqsadida shu atrofda bo‘lgan avtobusga qo‘lidagi pichoq bilan chiqib olgan. Hududda xizmat olib borayotgan patrul-post xizmati xodimlari — katta serjant Samat Karjanbayev, safdor Sardor Abzalov va profilaktika inspektori leytenant O‘ktam Normamatov tezkorlik bilan fuqarolar xavfsizligini ta’minlab, avtobusdan yo‘lovchilarni evakuatsiya qilgan. So‘ng xavfli jinoyatchini maxsus vositalar va jismoniy kuch ishlatish yo‘li bilan zararsizlantirib qo‘lga olgan.
Ushbu jarayonda IIO xodimlariga fuqaro Vladimir Avdiyans ham faol yordam bergan.
Mazkur holat Ichki ishlar vazirligi tomonidan alohida e’tirof etildi. Toshkent shahar IIBBda tantanali ravishda bo‘lib o‘tgan tadbirda fuqaroga “Ichki ishlar vazirligining minnatdorchiligi” e’lon qilinib, 10 million so‘m miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘iga asosan serjant S.Karjanbayev, safdor S.Abzalov “A’lo xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan, leytenant O‘.Normamatov rag‘batlantirish tariqasida muddatdan oldin katta leytenant maxsus unvoni bilan taqdirlandi.