O‘zbekiston Respublikasi IIV tomonidan xalqaro qidiruvga e’lon qilingan 1974-yilda tug‘ilgan, fuqaro Tursunov Alisher Axmadovich joriy yilning 8-may kuni Turkiyada huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olinib, 10-may kuni O‘zbekistonga deportatsiya qilindi. Bu haqda IVV axborot xizmati xabar berdi.
A.Tursunovning ta’sisligidagi axborot platformalari orqali ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan ma’lumotlarda, tegishli ekspertiza xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid axborot mavjud bo‘lganligi sababli, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 244 prim 1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244 prim 3-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirgi kunda jinoyat ishi doirasida tegishli tergov harakatlari olib borilmoqda.