Hozirda dunyoda murakkab iqtisodiy vaziyat yuzaga kelgan, narxlar oshib bormoqda, moliyaviy vaziyat moʻtadillikdan yiroqda. Hatto, jahon iqtisodiyotida birinchi o‘rinda turadigan AQSh ham aynan shu masalaga keskin yondashdi va bu turdagi tovarlarga nisbatan boj siyosatini o‘zgartirdi.
Jahonda, shu jumladan AQShda jismoniy shaxslar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun bojsiz tovar olib kirish “de minimis” (lot. “ahamiyatsiz darajada kichik”, o‘zb. “juda kichik, eng kam”) maʼnosida yuritiladi.
AQShda shu kunlargacha “de minimis” foydalanilib, kichik qiymatli jo‘natmalarga boj va import solig‘i solinmasdan kelingan. Bu imtiyoz
$800 dan kam bo‘lgan yuklarga taalluqli bo‘lib, 1938-yilda boj olish ortiqcha xarajat va samarasiz bo‘lgani uchun joriy etilgan. 87 yil avvalgi iqtisodiy vaziyat bilan hozirgi iqtisodiy vaziyat tubdan farq qilishiga hech kim e’tiroz qilmasa kerak. Biroq, AQSh mazkur imtiyozni pasaytirmadi, balki joriy yilning
2-may kunidan boshlab uni butunlay bekor qildi. Buning asosiy sababi etib, AQSh ishlab chiqaruvchilari zarar ko‘rayotgani va katta miqdorda, lekin mayda-mayda partiyalarda olib kirilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Ushbu o‘tkazmalar orqali sintetik opioidlar, jumladan fentanil kabi narkotik moddalarning noqonuniy olib kirishi yuz berib kelgan (O‘zbekistonda ham bu muammo keng yoyilgan).
AQSh nafaqat imtiyozni bekor qildi, balki $800 gacha bo‘lgan yuklar uchun endilikda 145 foizli yig‘im joriy qildi (davlat pochtasidan yuborilsa 120 foiz yoki 100 dollar). Albatta, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, amerikaliklarning bu boradagi xarajati $8 mlrd dan $30 mlrdgacha oshishi kutilmoqda, biroq AQSh “maqsad vositalarni oqlaydi” tamoyilida ish ko‘rdi.
Ayni paytda Angliyada £135 dan kam bo‘lgan yuklar import bojidan ozod etilgan, va bu me’yorni qayta ko‘rib chiqish masalasi muhokamada. Yevropa Ittifoqi ham €150 gacha bo‘lgan tovarlarga bojxona imtiyozini 2028-yilgacha bosqichma-bosqich bekor qilishni rejalashtirmoqda.
Iqtisodi katta va boy davlatlarning bu kabi cheklovlarni kiritishi, bir hisobdan ko‘zga ko‘rinmaydigan, ya’ni shaxsiy ehtiyoj uchun olib kelinadigan oz miqdordagi tovarlarniyam qamrab olishi, iqtisodda mayda masalaning yo‘qligidan dalolat beradi. Chunki, katta yalpi ichki mahsulotga ega boy davlatlar fuqarolarning o‘z ehtiyoji uchun olib kelinadigan tovarlariga aralashib yurishi shartmi deyishingiz mumkin. Jahon tajribasi bu soha jiddiy iqtisodiy masala ekanligini yaqqol isbotlayapti.
O‘zbekiston kiritgan yangi qoidalar jahon miqyosida yuz berayotgan jarayonlarga hamohang ekanligi, bu boradagi yondashuvlar to‘g‘ri ekanligidan dalolat.