O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Rossiyaning “Divi” kinokompaniyasi hamkorligida suratga olingan “O‘zbekiston. G‘alabaga yo‘l” nomli tarixiy-badiiy hujjatli film premyerasi 2025-yil 8-may kuni “Rossiya Kultura” telekanalida 18:15 da, 9-may kuni esa “Sevimli” telekanalida o‘zbek tilida 16:20 da namoyish etiladi.
Mazkur film Ikkinchi Jahon urushi yillarida O‘zbekiston xalqining insonparvarligi, bag‘rikengligi va jasoratini yoritadi. Asar orqali urush yillarida o‘zbek xalqining boshiga tushgan mashaqqatlar, front ortidagi fidokorlik, evakuatsiya qilingan millionlab odamlarni qabul qilgani, xususan, 15 nafar yetim bolani asrab olgan Shoahmad Shomahmudovlar oilasi misolida chin insonparvarlik tarannum etiladi.
Filmning asosiy sahnalari Toshkentdagi Xotira va qadrlash maydoni, Shoahmad Shomahmudovlar yodgorligi va G‘alaba bog‘ida tasvirga olingan. Hujjatli film Rossiya, Yevropa va O‘zbekiston san’atkorlari hamda tarixchilari ishtirokida suratga olingan. Unda O‘zbekistonga evakuatsiya qilinganlarning hayoti, ularni qabul qilgan mehribon oilalar, frontdagi jasorat va urushdan keyingi yillarda ko‘rsatilgan xalqaro hamjihatlik yoritilgan.
Beshta qisqacha bo‘limdan iborat film urushning gumanitar va madaniy jihatlariga to‘xtaladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, urushda halok bo‘lgan 500 ming yurtdoshimiz — bu shunchaki raqam emas, balki butun xalqimiz qalbidagi og‘riqdir.
Film urush dahshatlari fonida O‘zbekiston xalqining mehr-oqibat va birdamlik ruhini yana bir bor yodga soladi.