Hindiston armiyasi Pokiston va Pokistonga qarashli Ozod Kashmir hududidagi “nishonlarga” qarshi harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qildi. Hujumlar natijasida biri bola bo‘lgan 8 kishi halok bo‘ldi, 35 kishi yaralandi, 2 kishi bedarak yo‘qolgani bildirildi.

Bu haqda Hindiston Matbuot axborot byurosi (PIB) rasmiy bayonot berdi. Bayonotda aytilishicha, armiyaning harakatlari Pokiston hamda u nazorat qilayotgan Ozod Kashmirdagi ma’lum nishonlarga qaratilgan.

Operatsiyada jami 9 hudud mo‘ljalga olingani, ammo Pokiston harbiy inshootlariga zarba berilmagani ta’kidlangan. Pahalgamdagi hujumdan so‘ng bu choralar ko‘rilgani va “javobgarlarga nisbatan choralar ko‘rilishi” bildirilgan.

Hindiston Mudofaa vaziri Rajnath Singh “X” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida “Hindiston yashasin!” degan post qoldirdi.

Shuningdek, Hindiston armiyasining “X” ijtimoiy tarmog‘ida berilgan bayonotda, mamlakat nazoratidagi Jammu va Kashmirning Pokiston bilan chegaradosh Bhimber Gali hududida Pokiston tomonidan o‘q uzilgani aytilgan.

Bayonotda Pokiston “Otashkesim kelishuvini” buzganlikda ayblanib, bunga “muvozanatli tarzda javob berilishi” qayd etilgan.