Joriy yil 5-may kuni Toshkentdagi Bo‘rijar kanalida bo‘lgan mash’um voqea hammamizni chuqur qayg‘uga solgandi. Yakkasaroy tumanida yashovchi ikki nafar qizaloq kanalga tushib ketdi. Buni ko‘rgan mard va jasur vatandoshimiz Abdumannop Samiqov o‘zini suvga tashlab, norasidalar hayotini saqlab qoldi. Lekin, afsuski, baxtsiz hodisa ro‘y berdi – bu ezgulik yo‘lida uning o‘zi qahramonlarcha halok bo‘ldi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu fidoyilik bejiz emas – Abdumannop Samiqov hamisha odamlarga yaxshilik qiladigan, el koriga yaraydigan vatanparvar inson edi. Davlatimiz rahbari bu jasorat tarixini yuragiga yaqin olib, avvalo, marhumning rafiqasi va farzandlariga hamdardlik bildirdi. Bugun hurmatli Prezidentimiz marhum Abdumannop Samiqovni "Jasorat" medali bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Shuningdek, qizaloqlarni qutqarishda jonbozlik ko‘rsatgan "Bo‘rijar" sport majmuasi ishchisi Nurmuhammad Mamasaliyev ham "Jasorat" medali bilan taqdirlandi.
Bu mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, vatan qahramonlariga hurmat ko‘rsatish borasidagi e’tiborning yana bir ifodasi bo‘ldi. Kuchli va mehr-oqibatli jamiyatda insoniylik hech qachon unutilmaydi.