Bugun dunyo ekologik xavfsizlik bo‘yicha ogohlantiruvchi chiziqdan o‘tib bo‘lgan. Ayniqsa, maishiy chiqindilar hajmining yil sayin oshib borayotgani insoniyat salomatligi va atrof-muhit barqarorligi uchun xavf solmoqda. Bunday holatda chiqindilarni saralab yig‘ish va qayta ishlash — ekologik muvozanatni saqlashning eng muhim vositalaridan biridir.
O‘zbekiston ham bu borada siyosiy va huquqiy qadamlar tashlagan bo‘lsa-da, aholida chiqindilarni ajratish madaniyati hanuz shakllanmagan. Qonun bor, konteynerlar joylashtirilgan, lekin madaniyat yo‘q. Sabab nima? Yechim bormi?

Qonunchilik – mavjud, ammo nazorat sust 2019-yilda qabul qilingan “Qattiq maishiy chiqindilar to‘g‘risida”gi Qonun, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Ekologik strategiya, shuningdek “Yashil makon” va “Yashil iqtisodiyot” dasturlari O‘zbekistonda chiqindilar bilan ishlash sohasini huquqiy jihatdan tartibga soladi. Ammo bu huquqiy asoslar amaliyotda qanday ishlayapti? Aksariyat hududlarda chiqindilar hanuz bir konteynerga aralash holda tashlanmoqda. Yashil, ko‘k yoki sariq rangdagi konteynerlar bor-yo‘g‘i bezak sifatida ishlatilmoqda, ulardan maqsadga muvofiq foydalanilmaydi. Bu esa qonunchilik bilan hayot o‘rtasida uzilish borligini ko‘rsatadi. Shuningdek ekologik ong hali uyg‘onmagan. Aholining ekologik savodxonligi — chiqindilarni ajratish madaniyati shakllanishidagi eng asosiy omillardan biri. Afsuski, bu boradagi ko‘rsatkichlar O‘zbekistonda past. Aholining katta qismi chiqindilarni ajratish nima uchun kerakligini, qanday tarzda amalga oshirilishini bilmaydi yoki unga befarq qaraydi.
Shu sababli ekologik tarbiya maktab va OTMlarda sust. OAV va blogerlar bu mavzuni yetarlicha targ‘ib qilmayapti. Natijada, chiqindilarni ajratish jamiyat ongida muhim bo‘lgan odat emas, balki qo‘shimcha ovoragarchilik sifatida qaralayapti.

Infratuzilma – yarim yo‘lda

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, chiqindilarni ajratish madaniyati rivojlanmasligining yana bir sababi — tizimli infratuzilmaning yo‘qligi. Xususan:
Maxsus konteynerlar barcha mahallalarda mavjud emas;
Bor joylarda ham ularning joylashuvi, dizayni va tushuntiruvchi belgilar yetarli emas;
Chiqindilarni saralaydigan va qayta ishlovchi zavodlar soni kam, ularning quvvati esa cheklangan;
Qayta ishlash tizimi iqtisodiy jihatdan rag‘batlantirilmagan.
Eng achinarlisi — odamlar ajratib tashlagan chiqindilarni ko‘p hollarda yig‘uvchi tashkilotlar yana aralashtirib olib ketishadi. Bu esa aholining ishonchini sindiradi.

Shunga qaramay, umid uyg‘otadigan holatlar ham yo‘q emas. Toshkent, Samarqand, Andijon kabi shaharlarda ayrim mahallalar va maktablar chiqindilarni saralab yig‘ish amaliyotini boshlagan.
Yoshlar va NNTlar faolligi e’tiborga loyiq. Shuningdek, ayrim blogerlar ham chiqindilarni saralash bo‘yicha foydali kontentlar yaratmoqda.
Bularning barchasi – ijobiy ko‘rsatkichlar, lekin ular umumiy tizimni qamrab olishdan hali yiroq.

Tahlil asosida chiqindilarni ajratish madaniyatini rivojlantirish uchun quyidagi amaliy takliflarni ilgari surish mumkin: Mahalliy hokimiyatlar faolligini oshirish – konteynerlar o‘rnatilishi va ularning to‘g‘ri ishlatilishi ustidan jiddiy nazorat o‘rnatish. Aholini rag‘batlantirish – chiqindilarni ajratganlar uchun chegirma, bonus yoki boshqa ijtimoiy imtiyozlar berish.

Axborot va targ‘ibot kampaniyalari – ijtimoiy tarmoqlarda, televizorda, jamoat joylarida ekologik madaniyatni ommalashtirish. Qayta ishlash sanoatini rivojlantirish – investorlar uchun imtiyozlar berish, mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash. O‘zbekistonda chiqindilarni ajratish madaniyati hali shakllanish bosqichida. Rasmiy hujjatlar mavjud, ammo amaliyotda ko‘plab muammolar bor. Bu masala yagona tashkilot yoki tizim zimmasida emas — har bir fuqaroning ekologik mas’uliyati, davlatning qat’iy siyosati va jamiyatning faol ishtiroki orqali hal etilishi mumkin. Axir, toza kelajak – bugungi harakatdan boshlanadi. Chiqindilarni ajratish esa shunchaki jarayon emas, bu – madaniyat, mas’uliyat va kelajak avlod oldidagi burchdir.


Nurxon RAIMBOYEVA